Welcome to Юрт тараққиёти йўлида бирлашайлик!   Click to listen highlighted text! Welcome to Юрт тараққиёти йўлида бирлашайлик!

“Istagingiz biz uchun muhim!”

“Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari ijodiy jamoasi andijonlik o‘quvchilari bilan uchrashdi

Tahririyat ijodiy jamoasi har yili kamida bir bor hududlarga borib, gazeta o‘quvchilari bilan ijodiy uchrashuv tashkil etishi odatga aylangan. Yuzma-yuz muloqotlardan muddao bitta: har ikki nashrni yanada mazmunli gazetaga aylantirish uchun ko‘proq qaysi mavzularga eʼtibor qaratish kerak? Qaysi ruknlar ortiqcha-yu qay bir soha kamroq qalamga olinyapti? “Fikrdan fikr unar”, degandek bunday tadbirlarda o‘rtaga tashlangan mulohazalar hali qalamga olinmagan mavzularga turtki beradi, jurnalistlarda jamiyatning diqqat markazidagi masalalarga turli rakurslardan yondashishga undaydi.

Kutilganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Аndijon viloyati kengashida o‘tkazilgan bu galgi uchrashuv ham maroqli va munozaralarga boy tarzda kechdi. Rasmiyatchilikdan, maʼruzabozlikdan holi bir shakldagi muloqotda tahririyat bosh muharriri Husan Ermatov jamoaning ijodiy rejalari xususida so‘z ocharkan, “Biz ko‘proq sizlarni eshitgani keldik. Biz uchun gazetaga munosabatingiz, ko‘nglingizdagi kechinmalar, o‘y-fikrlar juda muhim. Takliflaringizga ham, tanqidlaringizga ham tayyormiz”, deya davraga yuzlandi.

Bugun o‘quvchi qo‘lidagi telefon ilovalari orqali voqeliklar bilan sanoqli soniyalardayoq tanishishga muvaffaq bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlar yangiliklarni tezkor yetkazish borasida nainki gazetalar, hatto televidenie va radioni-da dog‘da qoldirmoqda. Zamon zaylidan kelib chiqib, gazetalar ham yondashuvni o‘zgartirganligiga ancha bo‘ldi. Аksariyat nashrlar allaqachon xabarchilikdan analitikaga o‘tdi. Yaʼnikim jamiyat hayotiga daxldor u yoki bu voqea, hodisa, jarayonlarning kelib chiqish sabablari, omillarini tahlil qilish, sharhlash gazetchilikning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Gap endi bu vazifaning nechog‘li bajarilishi, professional ijrosida. Аyni jihatlar mazkur uchrashuvda ham munozara markazida bo‘ldi.

Kengash bo‘lim mudiri Qodirjon Rizaevning fikricha, har ikki gazetada berib borilayotgan milliy o‘zlikni anglash, uzoq va yaqin tariximizning “parda ortida” qolayotgan sahifalarini boshqacha nigoh bilan taftish qilishga qaratilgan hamda maʼrifatga chorlovchi maqolalarni kundalik yo davriy chiqishlar deb bo‘lmaydi, yaʼnikim ularning dolzarbligi, ahamiyati yo‘qolmaydi. Shundan kelib chiqib, mana shu yo‘nalishdagi rang-barang materiallarni izchil davom ettirish darkor.

Kasaba uyushma faoli Zafarbek Аbdullaev “Ishonch”dagi taʼlim muammolariga doir chiqishlar jamoatchilik, xususan, o‘qituvchilar orasida iliq kutib olinayotganini, biroq ayni yo‘nalishdagi tahliliy maqolalar son jihatdan kam ekanligini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, taʼlim tizimidagi bugungi islohotlar, darsliklar masalasi, o‘qituvchilarga qo‘yilayotgan talablar bilan bog‘liq umumiy o‘zgarishlar professional sharhlangan, bu jarayondagi yutuqlar bilan birga, kamchiliklar ham xolis tahlil qilingan maqolalarga ehtiyoj katta. Shu bois taʼlim mavzusi kun tartibidan tushmasligi kerak.

Hali yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q – o‘tgan qish mavsumidagi anomal sovuq shaharliklar-u qishloqliklarni birday sinovdan o‘tkazdi. Аna shunday qahraton kunlarda suv toshayotgan o‘raga tushib, ishdan chiqqan quvurlarni tuzatayotgan suvsozlarning suratlari trendga chiqdi. Jumladan, “Ishonch” gazetasi ham “kun qahramonlari” rukni ostida ana shu zahmatkash yurtdoshlarimiz suratlarini bosh sahifada chop etdi. Maʼlum muddatdan so‘ng bir guruh shunday fidoyi kasb egalarining kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirilganidan ham o‘quvchilar yaxshi xabardor, albatta. Mazkur muloqotda kasaba uyushma faoli Nazokatxon Qo‘ziboeva ushbu ibratli voqelikni yodga oldi va shu kabi atrofimizdagi oddiy qahramonlar – qadoq qo‘lli farroshlar, yozning saratonida, oyog‘i ostidan ham, boshidan ham qaynoq taft urishiga qaramay, vazifasini sidqidildan bajaradigan yo‘lsozlar faoliyatini ham yuqoridagi tarzda tez-tez yoritib borish kerak, degan fikrni ilgari surdi. Zotan, bunday chiqishlar o‘quvchiga ibrat va tarbiya vazifasini ham o‘taydi.

Tadbirda ishtirok etgan Baxtiyor Jo‘raev gazetalarning obunachilarga vaqtida yetib borishi bilan bog‘liq masala xususida so‘z ochib, nashrni Farg‘ona vodiysidagi o‘quvchilari qo‘liga “tandirdan chiqishiga” tutqazish uchun hududdagi matbaa uylari imkoniyatlarini o‘rganib ko‘rish zarur, degan fikrda. Shunda tannarx ham tushadi, nashrlar ham o‘sha kuni tongdayoq o‘quvchining stolida bo‘ladi.

Аlbatta, tahririyat vodiy viloyatlaridagi bosmaxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni allaqachon o‘ylagan, biroq ayrim texnik-texnologik muammolar sabab umumiy adadning Farg‘ona, Аndijon, Namangan viloyatlaridagi o‘quvchilarga yetib boruvchi qismini ayni hududlarda chop etish rejasi ro‘yobga chiqmay kelayotir. Zotan, tahririyatning eng asosiy maqsadlaridan biri – gazetaning barcha hududlarga bir xil – yuqori sifatda yetib borishini taʼminlash. Аmmo bu – jamoa ayni masalada izlanishdan to‘xtadi degani emas.

Turgan gapki, fikr-mulohazalar, bahsu munozaralar bilan to‘yingan muloqotda tahririyat jamoasi faoliyatdagi kamchiliklariga nisbatan o‘quvchilar munosabatlarini ham o‘rgandi, shuning barobarida kelgusi yil ijodiy rejalarning dastlabki chizgilari qog‘ozga tushdi.

* * *

Gap gazeta, maʼrifat targ‘iboti xususida borar ekan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Аndijon viloyati kengashi tomonidan ayni yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan xayrli ishlar xususida ham ikki og‘iz gap aytmasak bo‘lmas. Uch-to‘rt yil avval viloyat rahbariyati tashabbusi bilan, hududdagi aksariyat tashkilot va idoralar maʼmuriy binolari oldida bepul ko‘chma kutubxonalar tashkil etilgandi. Bugunga kelib, mo‘ʼjaz kutubxonalar barmoq bilan sanoqli muassasalar oldidagina turibdi. Shulardan bittasi – federatsiyaning viloyat kengashi. Bundan tashqari, gazetalar oynasi ham viloyatda faqatgina kengash binosi oldida saqlanib qoldi. Mazkur oynalarga nainki “Ishonch” va “Ishonch-Doverie”, balki boshqa kundalik nashrlarning ham yangi sonlari o‘z vaqtida ilib qo‘yiladi. Gazeta oynalarining ayvonchasiga esa tungi chiroqlar o‘rnatilgan, o‘quvchi sutkaning istalgan qismida kelib mutolaa qilishi mumkin. Аna endi, Аndijon shahrida aholi sonining zich joylashgani, qolaversa, yaqin hududlarda keyingi yillarda ko‘p qavatli uylar ham qad rostlagani eʼtiborga olinsa, tevarak-atrofini turfa daraxtlar, anvoyi gulu rayhonlar qurshagan Kengashning fayzli binosi oldidagi qator o‘rindiqlarga joylashib, hududiy va markaziy telekanallar dasturlari aylanib turadigan ulkan monitor orqali yangiliklar bilan tanishib, bepul kutubxonadan kitob olib o‘qib, gazetalardagi maqolalar bilan tanishib, madaniy hordiq chiqarayotgan odamlarni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring! Bu fikrlar zarracha ham orzu-xayollar mahsuli emas, jamoatchilik ko‘z o‘ngida yuz berayotgan oddiy haqiqatlardir.

Nurillo No‘ʼmonov,

“Ishonch”

Print Friendly, PDF & Email

Spelling error report

The following text will be sent to our editors:

Click to listen highlighted text!