2025 yilning 9 iyul kuni Andijonda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashining IX Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Federatsiya raisining o‘rinbosari Anvarjon Abdumuxtorov ishtirok etdi.
Konferensiyada dastlab kengashning o‘tgan besh yillik faoliyati sarhisob qilindi.
Bugun viloyatda 2779 ta boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari mavjud bo‘lib, ular o‘z saflariga 429 ming 696 nafar kasaba uyushma aʼzolarini birlashtirgan. Ko‘rinib turibdiki, yuz minglab ishchi-xodimlar huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi mana shunday katta tuzilmada kadrlar salohiyati muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda so‘z borayotgan davrda hududda sohani tashkiliy jihatdan mustahkamlash, tuzilma va kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Yaʼnikim kasaba uyushma faollarini o‘quvlar bilan kengroq qamrab olish maqsadida bevosita viloyat hududiy kengashida 1980 nafar hamda masofaviy taʼlim tizimi orqali 660 nafar boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislarining malakasi oshirildi.
Besh yil davomida viloyat bo‘yicha 956 ta boshlang‘ich tashkilot tuzilib, ularda ishlovchi 203 ming 968 nafar xodimlar kasaba uyushma aʼzoligiga qabul qilindi.
Mehnatkashlarni huquqiy manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etish hamda fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida, qonun talablariga mos hal etish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Zikr etilayotgan muddatda hududiy kengashiga jami 513 ta yozma, og‘zaki, ishonch telefoni, elektron murojaatlar kelib tushgan va ularning barchasi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda o‘rganilib chiqildi. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida kasaba uyushmalarining aralashuvi bilan 155 nafar fuqarolarning buzilgan mehnatga oid huquqlari tiklanishiga erishildi hamda majburiy progul vaqtlari uchun jami 547 mln. 238 ming 757 so‘m xaqlari undirib berildi.
Yuqoridagi raqamlar bir qarashda besh yillik faoliyat uchun nisbatan kam, arzimasday tuyulishi mumkin. Ammo eʼtibor berish kerakki, hududiy kengash hamda o‘rta va quyi bo‘g‘in kasaba uyushmalari o‘rtasidagi doimiy muloqot zanjiri, xususan, mehnat nizolari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar maʼmuriyatlari bilan ham bevosita munozara va muzokaralar natijasida ikki o‘rtadagi ko‘plab tushunmovchiliklar joyida bartaraf etib kelinmoqda. Bu esa mehnat munosabatlari sohasida ish beruvchilar tomonidan qonun buzilishining oldini olishga xizmat qilyapti, shunga monand ravishda arzgo‘ylar soni ham katta raqamlarni tashkil etmayapti.
Qolaversa, tizimda faoliyat boshlagan mehnat inspektorlari mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha dastur doirasida ijtimoiy sherikchilik asosida maqsadli o‘rganishlar va kasaba uyushmalarining jamoatchilik nazorati muntazam ravishda o‘tkazib borishmoqdaki, bu saʼy-harakatlar ham ijobiy natijalar ko‘zga tashlanishiga xizmat qilayotir.
Bugungi kunda jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun viloyat bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga 2020 yil davomida sarflangan mablag‘ miqdori 4,2 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 2 barobarga yaʼni 4,4 million so‘mga ortdi. To‘g‘ri, ushbu yo‘nalishda hali yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjud. Bosh Kelishuv va shu asosida qabul qilingan hududiy hamda tarmoq Kelishuvlarida belgilangan imtiyozlarni o‘zlarining jamoa shartnomalariga kiritish orqali ular imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qabul qilingan kelishuvlar va jamoa shartnomalarining har bir bandi ijrosini taʼminlanishiga erishish, bu borada ijtimoiy sherik tomonlarning masʼuliyatini oshirish masalalari to‘liq taʼminlanmayapti, deb bo‘lmaydi. Demakki, bu jihat ham kelgusi besh yillikning ustuvor vazifalaridan biriga aylanishi kerak.
Yana bir jihat. Hisobot davrida viloyatdagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 218 ta korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat muhofazasi yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Mehnatni muhofaza qilish va texnik jixatdan tartibga solish masalalarida olib borilgan nazorat-profilaktika ishlari davomida, aniqlangan 631 ta kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ish beruvchilarga 125 ta taqdimnomalar va takliflar kiritilgan va ularni to‘la bartaraf etilishiga erishildi.
Hisobot yillarida korxona, tashkilot va muassasalarda tuzilgan jamoa shartnomalariga ilova qilingan, “Mehnatni muhofaza qilish Bitim”larida jami 73 ming 292 ta tadbirlarni amalga oshirish va buning uchun ish beruvchilarning 70 mlrd. 783 mln 117 ming so‘m mablag‘ sarflanishi belgilanib, kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan olib borilgan jamoatchilik nazorati hamda ish beruvchilarning ushbu masalaga jiddiy yondoshganligi natijasida barcha belgilangan tadbirlarning bajarilishi taʼminlandi va rejalashtirilgan mablag‘larini to‘la sarflanishiga erishildi. Bu har bir xodim uchun o‘rtacha yiliga 221,4 ming so‘mdan sarflanishiga to‘g‘ri keladi
Mazkur yo‘nalishda jiddiy saʼy-harakatlar olib borilayotganligiga qaramay, hal etilishi zarur bo‘lgan kamchilik va muammolar bor. Xususan, Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi, Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi hamda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi tarmoqlariga chiquvchi korxona va tashkilotlarda mehnat muhofazasi tadbirlari uchun har bir xodimga sarflanayotgan mablag‘larning viloyat ko‘rsatkichidan ham pastligi ushbu tarmoqlarda mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar yetarli darajada amalga oshirilmayotganligidan dalolat bermoqda.
Bularning natijasini o‘tgan hisobot yillarida viloyatdagi kasaba uyushmasiga aʼzo korxona, tashkilot va muassasalarda jami 63 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz xodisalar yuz bergan bo‘lib, ushbu xodisalar oqibatida 13 nafar xodim yengil va 43 nafar xodim og‘ir tan jarohatlari olishgan, bulardan tashqari 26 nafar xodimlar vafot eshishi bilan tugagan baxtsiz hodisalarda ko‘rishimiz mumkin. Shunday ekan, ayni jihat hamisha kun tartibida turmog‘i darkor.
Konferensiyada shu va shu kabi faoliyatning barcha yo‘nalishdagi ishlar natijasi tahlildan o‘tdi. Kelasi besh yillikda faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarish, tizimdagi kemtik nuqtalarni bekamu ko‘st to‘ldirish uchun qanday tadbirlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq savollar javobi munozaralar jarayonida ayon bo‘ldi.
Tadbir doirasida Andijon viloyati kengash raisi lavozimiga saylov bo‘lib o‘tdi. Muqobillik asosida o‘tgan tadbirda Abdujabbor Egamberdiyev ko‘pchilik ovoz bilan kengash raisi lavozimiga saylandi. Shuningdek, Nodira Abdurahmonova hamda Mansurbek Matisayev kengash raisi o‘rinbosarlari etib saylandilar.
Konferensiyada kelgusi besh yillik faoliyat uchun mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: