2026-yilning 4 oyi davomida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar tahlili
Andijon viloyatidagi kasaba uyushmalariga a’zo korxona, tashkilot va muassasalarda 2026-yil aprel oyi holatiga ko‘ra ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar o‘rganildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki 4 oyi davomida jami 6 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, ularning 2 tasi yengil tan jarohati, 4 tasi og‘ir tan jarohati bilan yakunlangan. o‘lim bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan.
Ushbu noxush holatlar turli sohalarda — ta’lim, qurilish, energetika, metallurgiya va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida kuzatilgan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlik qoidalariga bir xil darajada amal qilinmayotganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan holatlar orasida xodimning oyog‘i qayrilib ketishi, zinalardan sirpanib yiqilish, transport vositasining urib ketishi, bosim ostidagi gaz balloni bilan bog‘liq vaziyatlar, og‘ir buyumning oyoqqa tushishi hamda ish jarayonida boshqa jism ta’siri kabi sabablar yetakchi o‘rinni egallaydi.
Ayniqsa, xodimlarning ishga kelib-ketish jarayonida, zinalar va nam hamda sirpangich yuzalarda harakatlanish vaqtida xavfsizlik talablariga rioya qilmasligi og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlarning oldini olish uchun ish beruvchilar va mas’ul shaxslar tomonidan bir qator profilaktik choralar ko‘rilishi zarur. Jumladan, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xodimlarni muntazam o‘qitish va yo‘l-yo‘riq berish, ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, texnik xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish hamda nazoratni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Kasaba uyushmalari tomonidan har bir baxtsiz hodisa alohida o‘rganilib, sabablari tahlil qilinib, kelgusida takrorlanmasligi uchun tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, inson hayoti va sog‘lig‘i har qanday ishlab chiqarish jarayonidan ustun turadi. Shu bois, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qat’iy amal qilish har bir ish beruvchi va xodimning dolzarb vazifasidir.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: