Mustaqil O‘zbekiston ilk bor o‘z aholisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Nega?
Faqat taxminlarga tayanib ish ko‘rgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgo‘ylik maʼlum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish o‘rinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez o‘zgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini ro‘yxatga olish haqida.
Xo‘sh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda ko‘p gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi ro‘yxatga olinmaganmidi?
Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda xonadonlar issiq bo‘lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko‘mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Farg‘onada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tug‘uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq o‘chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?…
Ko‘ryapsizmi, aholini ro‘yxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin! Biroq yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti o‘lchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!
Bugungi muammolarni yechish uchun 30 yil oldingi faktlar yaroqsiz!
Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,8 million kishini tashkil etgan.
Aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.
Mamlakatimizda 1989 yildan keyin hali biror marta ham aholini ro‘yxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.
Nihoyat BMT 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozir Hamdo‘stlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, O‘zbekistonda ham! Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil maʼlumot to‘planadi.
Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq maʼlumotlar shakllantiriladi.
Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.
Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu maʼulotlar nihoyatda qo‘l keladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.
Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11noyabrdagi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 710-sonli qaroriga muvofiq, aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Andijon viloyatida 909 ta MFY larda raqamlanmagan uy va xonadonlarni to‘liq raqamlashtirish, nomi o‘zgargan ko‘chalarga yangi nom belgilarini o‘rnatish ishlarini yakuniga yetkazish va aholini ro‘yxatga olish davriga qadar muntazam ravishda yangilab borish vazifalari belgilab borildi.
*
Oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Ularni muvaffaqiyatli bajarish suv va havodek zarur. Negaki, bu orqali O‘zbekistonning har bir manzili, hatto chekka va olis mahallayu ko‘chalarigacha aloqador barcha maʼlumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona maʼlumotlar bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa ertangi kunimiz farovonligiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: